Senat qoʻmitasida ijtimoiy va xavfsizlik sohalariga oid muhim qonunlar muhokama qilindi
2026-06-19 16:00:00 / Yangiliklar

Qoʻmita aʼzolari dastlab “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdi.
Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq har bir fuqaro qariganda, mehnat qilish qobiliyatini yoʻqotganda, ishsiz qolganda yoki oilasining asosiy boquvchisidan mahrum boʻlganda davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanish huquqiga ega. Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va ularning oila aʼzolariga ham toʻliq tatbiq etiladi.
Qonun bilan xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi, shuningdek pensiyalarni hisoblash, tayinlash, qayta hisoblash va toʻlash tartiblari aniq belgilab berilmoqda. Shu bilan birga, Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish kafolatlari yanada mustahkamlanmoqda.
Qoʻmita majlisida “Yongʻin xavfsizligi tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish, yongʻin xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish hamda aholi hayoti va sogʻligʻini, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yongʻinlar bilan bogʻliq ogʻir oqibatli hodisalar hamon kuzatilmoqda. Xususan, 2025-yilda respublika boʻyicha 11 241 ta yongʻin holati qayd etilgan boʻlib, ular oqibatida 129 nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan va 82 nafar fuqaro hayotdan koʻz yumgan.
Qonun inson hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, mol-mulk daxlsizligini taʼminlash, yongʻinlarning oldini olish boʻyicha zamonaviy va taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish, shuningdek sohada barcha subyektlarning masʼuliyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi tahrirdagi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining va potensial xavfli obyektlarning sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunning muhim jihati shundaki, unda xavfli ishlab chiqarish obyektlari bilan bir qatorda potensial xavfli obyektlar ham huquqiy tartibga solish doirasiga kiritilmoqda. Jumladan, liftlar, eskalatorlar, attraksionlar, yuk koʻtarish mexanizmlari, xavfli yuk tashish sigʻimlari hamda shamol elektr stansiyalari kabi obyektlar ilk bor qonun darajasida qamrab olinmoqda.
Muhokamalar davomida har qanday avariya ortida inson taqdiri turgani, bunday hodisalar inson hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga hamda iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi alohida taʼkidlandi.
Muhokama qilingan qonunlar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.









