Zarafshon shahrida “Shijoat” vatanparvarlik loyihasi o‘tkazildi
2026-06-19 12:40:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, fidoyilik va harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda taniqli estrada san’atkorlari, shoirlar, kino va teatr aktyorlari, ijodkor ziyolilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, o‘zlarining badiiy chiqishlari, kuy-qo‘shiqlari va samimiy muloqotlari bilan yig‘ilganlarga unutilmas taassurot ulashdi. Konsert dasturidan o‘rin olgan Vatan, tinchlik, sadoqat, jasorat va xalq birligini madh etuvchi musiqiy chiqishlar tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yoshlarning tutgan o‘rni, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining dolzarb ahamiyati hamda yurtimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida harbiy xizmatchilar zimmasiga yuklatilgan yuksak mas’uliyat haqida atroflicha fikr bildirdi. Ayniqsa, yoshlarni Vatan taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va harbiy kasbga qiziqishini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda harbiy qism harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, harbiy qismga biriktirilgan yoshlar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Mehmonlarga harbiy qismning kundalik faoliyati, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik jarayonlari, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda xizmatni tashkil etish tizimi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari harbiy qism hududida faoliyat yuritayotgan muzeylar bilan tanishib, ularda saqlanayotgan tarixiy eksponatlar, Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining bosib o‘tgan sharafli yo‘li, harbiy qismning bugungi salohiyati va erishilgan yutuqlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni tomosha qildi. Harbiy qism kutubxonasida yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, boy kitob fondi hamda yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Shijoat” vatanparvarlik loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlar va harbiy xizmatchilarning ma’naviy ruhiyatini yuksaltirish, ularda Vatanga sadoqat, xalq va davlat manfaatlariga daxldorlik hissini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda harbiy xizmat va harbiy kasb nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati








