Narkojinoyatchilikka qarshi kurashishga oid qonunchilikdagi yangiliklar yetkazildi
2026-06-18 20:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Mashgʻulot davomida joriy yilning 11-iyun kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–1151-sonli Qonunning mazmun-mohiyati shaxsiy tarkibga batafsil tushuntirildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirib, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Xususan, Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilgan boʻlib, unda aholi salomatligi va millat genofondiga jiddiy xavf tugʻdiruvchi qilmishlar uchun javobgarlik choralari mustahkamlangan.
Shuningdek, amaldagi 16 ta modda takomillashtirilgani, ayrim oʻta ogʻir narkojinoyatlar boʻyicha yangi normalar joriy etilgani hamda noqonuniy narkolaboratoriyalar tashkil etish, ularning faoliyatini taʼminlash yoki mansab vakolatlaridan foydalanib narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish kabi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilgani qayd etildi.
Mutaxassislar tomonidan mazkur turdagi jinoyatlarning takroran sodir etilishining oldini olish maqsadida jazo choralarining ogʻirlashtirilgani, ayrim oʻta ogʻir narkojinoyatlar uchun jazoni muddatidan ilgari shartli ravishda oʻtashdan ozod qilish tartibi qoʻllanilmasligi, shuningdek voyaga yetmagan shaxslarni kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilishga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik masalalari yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida mazkur qonunning aholi, ayniqsa yoshlar va voyaga yetmaganlarni giyohvandlik xavfidan himoya qilish, narkojinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.






