Giyohvandlikka qarshi kurash — barchamizning muhim vazifamiz
2026-06-18 19:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda harbiy qism qo‘mondonligi vakillari, ofitser va serjantlar, harbiy xizmatchilar hamda sohaga oid mutaxassislar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida giyohvandlikning inson salomatligi va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, ushbu illatning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda profilaktik chora-tadbirlar muhokama qilindi.
So‘zga chiqqan mutaxassislar giyohvandlikning insonning jismoniy va ruhiy salomatligiga, oilaviy muhitga hamda jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga salbiy ta’siri haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, yoshlarni zararli odatlardan asrash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari hamda harbiy xizmatchilarning bu boradagi mas’uliyati yuzasidan tushuntirishlar berildi. Mavzuga oid videoroliklar namoyish etilib, ishtirokchilar mutaxassislarning tavsiyalarini tingladi.
Davra suhbati savol-javob va ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Unda harbiy xizmatchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, hushyorlik va ogohlikni oshirish, shuningdek, giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida giyohvandlikka qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va yosh avlodni turli zararli illatlardan asrash barchaning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati




