35 yillik sharafli tarix va sadoqat maktabi
2026-06-18 16:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Marosim avvalida harbiy qismning tashkil topish tarixi, uning rivojlanish bosqichlari va mamlakat mudofaa tizimidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, harbiy qism o‘tgan 35 yil davomida Vatan himoyasi yo‘lida fidokorona xizmat qilib, Qurolli Kuchlar safini malakali va vatanparvar kadrlar bilan to‘ldirishda muhim vazifalarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu davr mobaynida harbiy qism safida xizmat qilgan minglab harbiy xizmatchilar mamlakatimizning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz osoyishtaligini saqlash hamda mudofaa salohiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.
Tadbir davomida harbiy qismning bugungi faoliyati, zamonaviy infratuzilmasi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi. Harbiy shaharchada yaratilgan qulay sharoitlar, zamonaviy o‘quv-moddiy baza hamda ilg‘or tayyorgarlik usullari harbiy xizmatchilarning kasbiy mahorati va jangovar salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
So‘zga chiqqanlar harbiy qismning boy tarixida jasorat, matonat va sadoqat tamoyillari ustuvor bo‘lib kelganini, bugungi kunda ham ushbu ezgu an’analar izchil davom ettirilayotganini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston sharoitida Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar e’tirof etildi.
Marosimning eng quvonchli lahzalaridan biri xizmat vazifalarini namunali ado etib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilarini taqdirlash jarayoni bo‘ldi. Ular ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari hamda boshqa rag‘batlantirish mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiriga harbiy orkestr jamoasining vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Musiqiy dasturlar ishtirokchilarda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, tantananing ko‘tarinki ruhda o‘tishiga munosib hissa qo‘shdi.
Tadbir doirasida Qurolli Kuchlar faxriylari va yosh harbiy xizmatchilar o‘rtasida samimiy uchrashuv ham tashkil etildi. Muloqot davomida harbiy xizmatning sharafi, Vatanga sadoqat, kasbga fidoyilik hamda harbiy an’analarni davom ettirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Faxriylarning boy hayotiy va xizmat tajribasi yosh avlod uchun haqiqiy jasorat va matonat maktabi bo‘ldi.
Yubiley tadbiri harbiy qismning sharafli tarixini yodga olish, bugungi yutuqlarini e’tirof etish hamda kelgusidagi ulkan marralar sari dadil qadam tashlashga undovchi muhim voqea sifatida yodda qoldi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







