“Men Oʻzbekistonlikman” harbiy-vatanparvarlik forumi oʻtkazildi
2026-06-17 18:00:00 / Yangiliklar

Forum Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning ilk qismi poytaxtdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida joylashgan “Millat fidoyilari” monumenti poyiga gulchambarlar qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Unda harbiy xizmatchilar, kursantlar va yoshlar ishtirok etib, Vatan ozodligi yoʻlida jon fido qilgan ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Forumning asosiy qismi esa Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida davom etdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida ochildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Harbiy prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi masʼul vakillari, harbiy oliy taʼlim muassasalari kursantlari, professor-oʻqituvchilar va “Vatan tayanchi” harakati aʼzolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlar siyosati, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini takomillashtirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularning maʼnaviy immunitetini mustahkamlash hamda Vatan himoyasiga munosib kadrlar zaxirasini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda yoshlar oʻrtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda ishtirokchilar harbiy xizmatning sharafli jihatlari, harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish tartibi, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda Vatan himoyachisi boʻlish masʼuliyati haqida batafsil maʼlumot oldi.
Forum doirasida “Vatan tayanchi” harakati safida faol boʻlib, taʼlim muassasalarini yuqori natijalar bilan tamomlagan yoshlarga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi. Shuningdek, harakat faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan harbiy xizmatchilar, rahbarlar va faol yoshlar ham taqdirlandi.
Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan badiiy-konsert dasturi namoyish etildi. Shundan soʻng ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti faoliyati, zamonaviy oʻquv bazasi hamda kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Forum yoshlar qalbida Vatanga daxldorlik hissini kuchaytirish, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini mustahkamlash hamda Yangi Oʻzbekistonning fidoyi avlodini tarbiyalash yoʻlida muhim maʼnaviy-maʼrifiy tadbir sifatida eʼtirof etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








