“Askarlar forumi” — jismoniy chiniqish va harbiy hamjihatlik maydoni
2026-06-17 16:50:00 / Yangiliklar

Forum doirasida futbol, voleybol va pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Har bir bellashuv yuqori kayfiyat, kuchli raqobat va sportga xos murosasiz kurashlar ostida kechdi. Ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, mahorati va matonatini namoyon etib, harbiy xizmat davomida egallagan ko‘nikmalarini amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, futbol va voleybol bahslarida askarlarning jamoaviy hamkorlik, o‘zaro ishonch va yakdillikka asoslangan harakatlari e’tiborni tortdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan uchrashuvlarda harbiy xizmatchilar tezkor qaror qabul qilish, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tanlash hamda umumiy maqsad sari birlashib harakat qilish borasidagi ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.
Pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha bahslar esa ishtirokchilarning diqqatni jamlash, aniqlik, sabr-toqat va ruhiy barqarorlik kabi muhim sifatlarini namoyon etish uchun o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tadi. Musobaqa natijalari ortida muntazam mashg‘ulotlar, puxta tayyorgarlik va yuksak mas’uliyat mujassam ekani yaqqol ko‘zga tashlandi.
Forum yakunida musobaqalarda faol qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan jamoalar va sportchilar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ittifoqi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







