G‘alabaga intilgan yoshlar bir maydonda jam bo‘ldi
2026-06-17 16:50:00 / Yangiliklar

Musobaqalarning asosiy maqsadi yosh avlodni jismonan chiniqqan, ma’nan yetuk va intellektual salohiyati yuksak insonlar etib tarbiyalashdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilarda jamoaviylik, o‘zaro hurmat, do‘stlik va raqobat madaniyatini shakllantirishga xizmat qildi. Sport maydonlarida kechgan har bir bahs yoshlarning kuch-g‘ayrati va intilishlarini namoyon etuvchi yorqin sinovga aylandi.
Shaxmat va shashka musobaqalarida ishtirokchilar o‘zlarining teran tafakkuri, strategik yondashuvi va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini namoyish etd. Har bir dona surilishi ortida puxta hisob-kitob, sabr-toqat va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonch mujassam edi. Bellashuvlar yoshlarning intellektual salohiyati yuksak ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Futbol maydonida esa mutlaqo boshqa manzara hukm surdi. Qizg‘in kurashlar, keskin vaziyatlar va murosasiz bahslar tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Yosh futbolchilar har bir uchrashuvda o‘z mahorati, chaqqonligi va jamoaviy harakatlari bilan e’tiborni tortdi. Maydondagi har bir gol, har bir muvaffaqiyatli hujum va har bir himoyaviy harakat sport muxlislarining olqishlariga sabab bo‘ldi.
Musobaqalar davomida g‘alaba uchun kurash bilan bir qatorda samimiy do‘stlik muhiti ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Ishtirokchilar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, sportning asl mohiyati – halollik, hurmat va hamjihatlik tamoyillariga sodiq qolgan holda bellashdi.
Musobaqalar yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi matbuot xizmati








