Harbiy xizmat — ta’lim va kasbiy taraqqiyot sari yangi imkoniyatlar maydoni
2026-06-16 15:00:00 / Yangiliklar

Bugun armiyada xizmat qilayotgan yoshlar nafaqat harbiy tayyorgarlikdan o‘tmoqda, balki kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni ham egallayapti. Bu esa milliy armiyaning ta’lim va tarbiya maskani sifatidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Belgilangan vazifalarga muvofiq, joriy yilning 1-mayidan boshlab Termiz, Xayraobod va Kakaydi garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda oliy ta’lim muassasalariga kirishni maqsad qilgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun maxsus tayyorlov kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslar yoshlarning bilim saviyasini mustahkamlash, test sinovlariga puxta tayyorlash hamda oliy ta’limga qamrovni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Tayyorlov mashg‘ulotlariga harbiy qism komandirlari, umumta’lim maktablari rahbarlari, tajribali pedagoglar va xususiy ta’lim markazlari mutaxassislari jalb qilingan. Fanlar kesimida olib borilayotgan darslar davomida harbiy xizmatchilar o‘z bilimlarini boyitib, kirish imtihonlariga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, Qurolli Kuchlar tizimida raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Harbiy qism va muassasalarda saralab olingan besh ming nafar harbiy xizmatchini “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari asosida o‘qitish ishlari izchil davom etmoqda. Natijada yoshlar dasturlash, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida zamonaviy bilimlarga ega bo‘lib bormoqda.
Mazkur tashabbuslar harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Endilikda armiya yigitlar uchun nafaqat jasorat va matonat maktabi, balki bilim, kasb va shaxsiy kamolot sari eltuvchi muhim hayotiy maydonga aylanmoqda.
Eng muhimi, yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarning ertangi kuniga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Harbiy xizmat davomida egallangan bilim va ko‘nikmalar ularga oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylanish, zamonaviy kasb egasi bo‘lish hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish uchun keng yo‘l ochadi.
III darajali serjant Akbar Axmedov.
Termiz garnizoni.








