Farg‘onada kursantlar Vatanga qasamyod qildi
2026-06-16 11:10:00 / Yangiliklar

Unda universitet rahbariyati, Qurolli Kuchlar faxriylari, professor-o‘qituvchilar, kursantlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim avvalida Davlat madhiyasi yangrab, yurt tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilish sharafi va mas’uliyati haqida so‘z yuritildi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuksak ma’naviyatli hamda Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tantanali marosimning eng hayajonli lahzalarida fakultetning 124 nafar 2-bosqich kursanti Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qildi. Kursantlarning safda tantanali ravishda qasamyod matnini o‘qishi tadbirga o‘zgacha ko‘tarinkilik, g‘urur va mas’uliyat ruhini baxsh etdi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar, jangovar va maxsus tayyorgarlik elementlari namoyish etilib, yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, harbiy orkestr jamoasining jonli ijrosida yangragan vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar marosimga yanada tantanavor tus bag‘ishladi.
Kursantlarning ota-onalari farzandlarining Vatan oldidagi sharafli burchni ado etishga qadam qo‘yayotganidan faxrlanishlarini bildirib, ularning ta’lim olishi va harbiy kasb sirlarini puxta egallashi uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.
Vatanga sadoqat bilan qabul qilingan qasamyod esa yosh kursantlarning harbiy xizmat yo‘lidagi ilk muhim qadami sifatida ularning qalbida umrbod saqlanib qoladigan sharafli voqea bo‘lib tarixga muhrlandi.








