Mustahkam oila — Vatan tayanchi
2026-06-16 09:20:00 / Yangiliklar

Harbiy qismda Mudofaa vazirligi harbiy psixologlari hamkorligida “Mustahkam oila – Vatan tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir, psixologik trening va konsert dasturi o‘tkazildi. Tadbirda harbiy xizmatchilar, ularning turmush o‘rtoqlari hamda oila a’zolari faol ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida malakali amaliyotchi psixologlar tomonidan harbiy xizmatchilar oilalarining yangi ijtimoiy muhitga moslashuvi, oiladagi o‘zaro hurmat va mas’uliyat, sog‘lom oilaviy munosabatlarni shakllantirishning psixologik omillari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, oilaning axloqiy, huquqiy va ma’naviy asoslari, oilaviy nizolar va ajrimlarning kelib chiqish sabablari, ularning salbiy oqibatlari hamda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishtirokchilarga yetkazildi.
Trening jarayonida oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro muloqotni rivojlantirish, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyatini kuchaytirish, oilada sog‘lom psixologik muhit yaratish va muammoli vaziyatlarni konstruktiv hal etish usullari bo‘yicha interaktiv mashg‘ulotlar ham tashkil etildi.
Tadbirning madaniy qismi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Harbiy orkestr hamda el ardog‘idagi san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Ayniqsa, Vatanga muhabbat, tinchlik va sadoqatni tarannum etuvchi musiqiy chiqishlar tadbir ishtirokchilarining kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati









