Ogohlik va shaylik — xavfsizlik garovi
2026-06-16 09:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda garnizon Yong‘in nazorati inspeksiyasi hamda Farg‘ona viloyati Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislari, harbiy qism qo‘mondonligi va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Mashg‘ulotning nazariy qismida mutaxassislar tomonidan yong‘inlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish choralari, elektr jihozlari va isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari, shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan birlamchi harakatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, harbiy obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaldagi me’yoriy talablar, mas’ul mansabdor shaxslarning vazifalari hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishning ahamiyati haqida ma’lumotlar yetkazildi. Mutaxassislar tomonidan harbiy qism hududida yong‘in xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan omillar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mashg‘ulotning amaliy qismida yong‘in o‘chirishning zamonaviy vositalari va texnikalarining imkoniyatlari namoyish etildi. Harbiy xizmatchilarga yong‘in o‘chirgichlardan to‘g‘ri foydalanish, shartli yong‘in o‘chog‘ini bartaraf etish, odamlarni xavfli hududdan evakuatsiya qilish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Harbiy xizmatchilar amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, yong‘in sodir bo‘lganda harakatlanish algoritmlari, favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish hamda xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi. Tadbir davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






