Yoshlarni ma’naviy tahdidlardan asrash — dolzarb vazifa
2026-06-15 20:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda faxriylar, madaniyat sohasi vakillari hamda mutaxassislar qatnashib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va tavsiyalarini bildirdilar. Suhbat davomida ommaviy madaniyatning shakllanish omillari, uning jamiyat hayotiga, ayniqsa, yoshlar ongiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’siri atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan ayrim yot g‘oyalar va g‘ayriaxloqiy qarashlarning milliy qadriyatlar, ma’naviy meros hamda madaniy an’analarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarni turli ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, ularda mustahkam hayotiy pozitsiya, tanqidiy va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga kitobxonlikni keng targ‘ib etish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, milliy urf-odat va an’analarga sodiq qolish, axborot resurslaridan oqilona foydalanish hamda media madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur davra suhbati harbiy xizmatchilar orasida milliy qadriyatlarga sadoqat, ma’naviy immunitetni mustahkamlash, Vatan ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilish kabi yuksak fazilatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qildi.





