Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
2026-06-15 19:40:00 / Yangiliklar

Tadbirlarda Mudofaa vazirligining mas’ul ofitserlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida harbiy xizmatchilarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, amaldagi qonunchilik talablari hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan davra suhbatlarida korrupsiya va firibgarlik jinoyatlarining jamiyat hamda davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, ushbu turdagi jinoyatlar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik choralari va jazo turlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarga korrupsiyaning mohiyati, uning davlat va jamiyat rivojiga yetkazadigan salbiy oqibatlari, harbiy jamoalarda xizmat intizomi va o‘zaro ishonch muhitiga ta’siri haqida ma’lumotlar yetkazildi. So‘zga chiqqanlar tomonidan xizmat faoliyati davomida qonuniylik, halollik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, huquqiy masalalar yuzasidan batafsil javoblar oldi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va xizmat faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xizmat intizomini mustahkamlash, shaffoflik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etish har bir harbiy xizmatchining muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati





