Bo‘lajak harbiy shifokorlar Vatanga qasamyod qildi
2026-06-15 15:55:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar, kurs tinglovchilari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Ma’lumki, Harbiy tibbiyot instituti huzurida faoliyat yuritayotgan zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash kursida Toshkent davlat tibbiyot universitetining davolash va tibbiy profilaktika fakultetlari hamda Toshkent farmatsevtika instituti farmatsiya fakulteti talabalari tahsil oladi. O‘quv dasturi davomida tinglovchilarga harbiy tibbiy tayyorgarlik, harbiy boshqaruv asoslari, jangovar sharoitlarda tibbiy yordam ko‘rsatish, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish hamda harbiy xizmatga oid zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar beriladi.
Kurs yakunida belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga zaxiradagi tibbiyot xizmati leytenanti harbiy unvoni beriladi. Bu esa ularning nafaqat malakali tibbiyot mutaxassisi, balki Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilishga tayyor harbiy kadr sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Marosim davomida bitiruvchilar O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilish, uning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish, harbiy burchni vijdonan ado etish hamda harbiy xizmat talablariga qat’iy rioya etishga qasamyod qildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda harbiy tibbiyot tizimini rivojlantirish, Qurolli Kuchlar uchun yuqori malakali tibbiy mutaxassislarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, yosh ofitserlarga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi, ularda yuksak mas’uliyat, fidoyilik va kasbiy mahorat sifatlarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbirda bitiruvchilarning ota-onalari ham farzandlarining erishgan yutuqlaridan mamnun ekanliklarini bildirib, ularga kelgusi xizmat va mehnat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.









