Sharqiy harbiy okrug fakultetida navbatdagi bitiruv marosimi o‘tkazildi
2026-06-15 15:55:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Marosim davomida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, ularga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda fakultetda o‘quv jarayonlari tasdiqlangan reja asosida tashkil etilib, tinglovchilarga zamonaviy harbiy boshqaruv, qurol-aslahalardan samarali foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga joriy etish hamda psixologik tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar berilmoqda.
Mashg‘ulotlar xizmat faoliyatiga yaqinlashtirilgan sharoitlarda olib borilayotgani tinglovchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Fakultetda vzvod va guruh komandirlari, serjantlar, artilleriya qo‘shinlarining quyi bo‘g‘in ofitserlari, razvedka va maxsus operatsiyalar kuchlari mutaxassislari, muhandislik qo‘shinlari hamda radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza yo‘nalishidagi harbiy xizmatchilar malaka oshirmoqda.
Shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ham o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, shaxsiy tarkib bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy faoliyat yo‘nalishidagi ofitserlar uchun maxsus kurslar yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur kurslarda yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamoa bilan ishlash madaniyatini shakllantirish hamda ma’naviy-ruhiy barqarorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Dual ta’lim tizimi asosida faoliyat yuritayotgan fakultetda nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’minlangan. Zamonaviy o‘quv-moddiy baza negizida tashkil etilayotgan amaliy mashg‘ulotlar tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini muntazam oshirib borish va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish orqali ta’lim sifatini yanada yuksaltirish choralari ko‘rilmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






