Zafar bilan qaytgan harbiy dzyudochilar tantanali kutib olindi
2026-06-15 11:10:00 / Yangiliklar

Marosimda Mudofaa vazirligi rahbariyati va mas’ul xodimlari, sport sohasi vakillari, jamoatchilik faollari, sportchilarning yaqinlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbir davomida xalqaro maydonda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilarning yuksak mahorati, matonati va fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli chempionatda ko‘hna qit’aning yetakchi davlatlari vakillari, jahon va qit’a chempionatlari g‘oliblari hamda sovrindorlari bo‘lgan tajribali dzyudochilar tatamiga chiqdi. Ana shunday kuchli raqobat hukm surgan bellashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi a’zolari yuqori sport mahorati, puxta tayyorgarlik va mustahkam iroda namoyon etib, umumjamoa hisobida 14 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, yurtdoshlarimiz 7 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan musobaqani yakunladi.
Varshava tatamisida qo‘lga kiritilgan ushbu tarixiy natija O‘zbekiston harbiy sport maktabining salohiyati tobora yuksalib borayotganini, sportchilarimiz dunyoning eng kuchli vakillari bilan tengma-teng kurash olib borishga qodir ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Tantanali kutib olish marosimida so‘zga chiqqanlar sportchilarning ushbu muvaffaqiyati nafaqat harbiy sport, balki mamlakatimiz sporti tarixidagi muhim yutuqlardan biri ekanini ta’kidlab, ularga kelgusidagi xalqaro musobaqalarda ham yangi zafarlar, ulkan g‘alabalar va yuksak marralarni zabt etishni tiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








