“Temurbeklar maktabi”da bitiruvchilar tantanali kuzatildi
2026-06-13 21:40:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama yetuk, vatanparvar va fidoyi insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, harbiy ta’lim tizimida yaratilayotgan keng imkoniyatlar alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, “Temurbeklar maktabi”da o‘quvchilarning intellektual salohiyati, jismoniy tayyorgarligi va harbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti yaratilgan.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarning ta’lim davomida erishgan yutuqlari, ularning yuksak maqsadlari hamda Vatan oldidagi mas’uliyat tuyg‘usi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, yoshlarning chuqur bilim, mustahkam iroda va yurtga sadoqat ruhida kamol topayotgani e’tirof etilib, kelgusida ular Qurolli Kuchlar safida munosib xizmat qilishlariga ishonch bildirildi.
Marosimning badiiy qismida harbiy orkestr va faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shuningdek, taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o‘zgacha bayramona ruh bag‘ishladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






