“Ajdodlar izidan” intellektual o‘yini g‘oliblari aniqlandi
2026-06-13 21:00:00 / Yangiliklar

Mazkur intellektual o‘yin O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalari hamkorligida tashkil etilib, “2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” doirasidagi qo‘shma chora-tadbirlar dasturiga muvofiq o‘tkazildi.
Tanlovning hududiy va harbiy okrug bosqichlari joriy yilning mart-aprel oylarida tashkil etilib, ularda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar vazirlik bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Intellektual o‘yinning vazirlik bosqichi 12–13-iyun kunlari Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida bo‘lib o‘tdi. Tadbirning birinchi kunida ishtirokchilar uchun poytaxtdagi tarixiy-madaniy maskanlarga ekskursiyalar tashkil etildi. Jumladan, “Shon-sharaf” muzeyiga sayohat uyushtirilib, “Millat fidoiylari” majmuasi poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
Musobaqada Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Jadidlar”, Markaziy harbiy okrugning “Olovli Kattaqo‘rg‘on”, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning “Temur izdoshlari”, Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining “Bobur izdoshlari” jamoalari hamda “Kitobxon millat” jamoasi o‘zaro bilim va zakovatda bellashdi.
O‘yin davomida savollar tarix, harbiy san’at, buyuk sarkardalar hayoti va ularning merosiga oid adabiyotlar asosida shakllantirildi. Ishtirokchilar qisqa vaqt ichida to‘g‘ri va aniq javob berish, jamoaviy hamkorlik hamda mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini namoyon etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, hakamlar hay’ati tomonidan eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoalar g‘olib va sovrindorlar sifatida e’tirof etildi.
1-o‘rin — “Kitobxon millat” jamoasi (TOQQQ);
2-o‘rin — “Olovli Kattaqorg‘on” jamoasi (MHO);
3-o‘rin — “Jadidlar” jamoasi (JG‘MHO).
Faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar Mudofaa vazirining diplomlari, hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan qimmatbaho sovg‘alar va kitoblar to‘plami bilan taqdirlanadi. Musobaqa g‘olibiga esa Mudofaa vazirining kubogi topshiriladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









