“Vatan tayanchi” harakati a’zolari xalqaro harbiy-sport o‘yinlarida sovrindor bo‘ldi
2026-06-13 18:45:00 / Yangiliklar

Nufuzli musobaqada O‘zbekiston Respublikasi sharafini “Vatan tayanchi” harakati a’zolaridan shakllantirilgan jamoa himoya qildi. Bellashuvlarda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Abxaziya va O‘zbekiston vakillari ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa dasturidan harbiy-sport ko‘pkurashi, taktik tayyorgarlik mashqlari, sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish, robototexnika, intellektual sinovlar hamda jamoaviy topshiriqlar o‘rin oldi. Mazkur shartlar ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, tezkor fikrlashi, yetakchilik qobiliyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Shuningdek, turnikda tortilish, 100 metrga yugurish va sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish kabi yo‘nalishlarda yoshlar o‘zlarining sport mahorati hamda matonatini namoyish etdilar.
Musobaqa davomida O‘zbekiston jamoasi yuqori natijalar qayd etib, ayniqsa robototexnika va harbiy-sport ko‘pkurashi yo‘nalishlarida mutlaqo tengsiz ekanligini namoyon qildi. Yoshlarimizning bilim, mahorat va jamoaviy hamjihatligi xalqaro maydonda munosib e’tirof etildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Rossiya Federatsiyasi jamoasi;
2-o‘rin — Belarus Respublikasi jamoasi;
3-o‘rin — O‘zbekiston Respublikasi jamoasi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur musobaqadagi muvaffaqiyat yosh avlodning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi, jismoniy tayyorgarligi hamda zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi. O‘zbekiston jamoasining xalqaro maydondagi munosib ishtiroki mamlakatimiz yoshlarining salohiyati va raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etdi.









