Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik litseyi bitiruvchilari katta hayot sari kuzatildi
2026-06-13 17:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻmondonligi, viloyat hokimligi vakillari, harbiy akademik litsey rahbariyati, nuroniy faxriylar, jamoatchilik faollari hamda bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, jismonan chiniqqan, maʼnaviy barkamol insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida toʻxtalib oʻtdilar. Shuningdek, harbiy akademik litseylarda tahsil olayotgan yoshlarning Vatanga sadoqat, fidoyilik va masʼuliyat ruhida kamol topayotgani alohida taʼkidlandi.
Marosim davomida oʻqish va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh bitiruvchilar eʼtirof etildi. Turli fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan hamda tanlov va olimpiadalarda muvaffaqiyat qozongan oʻquvchilarga diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbirda bitiruvchilarning erishgan yutuqlari ustozlar mehnati, ota-onalar ishonchi va yoshlarning intilishlari samarasi ekani qayd etildi. Kelgusida ular oliy harbiy taʼlim muassasalarida tahsil olib, Qurolli Kuchlar safida munosib xizmat qilishi tilab oʻtildi.
Tantanali marosim harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, oʻquvchilarning koʻrgazmali chiqishlari hamda bitiruvchilarning tantanali saf yurishi bilan davom etdi.
Mazkur tadbir yosh avlodga bildirilayotgan yuksak ishonch, ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilishdek sharafli burchning yana bir yorqin ifodasi boʻldi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati









