O‘zbekiston harbiy dzyudochilari Polshada yuqori natija qayd etdi
2026-06-13 16:55:00 / Yangiliklar

Xalqaro sport taqvimidan munosib o‘rin olgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi a’zolari yuqori mahorat va iroda namoyon etib, umumjamoa hisobida 14 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, yurtdoshlarimiz 7 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medalga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston harbiy sport maktabining salohiyati va raqobatbardoshligini yana bir bor amalda tasdiqladi.
Chempionatning eng yorqin ishtirokchilari qatorida vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Kamoliddin Baxtiyorov (-60 kg), Inoyat Telmanov (-73 kg), Zulfiddin Usmonov (-81 kg), Azizbek Avazmurodov (-90 kg), Islombek Ravshanqulov (+100 kg), Barchinoy Qodirova (-78 kg) hamda Irixson Qurbonbayeva (+78 kg) alohida e’tirofga loyiq. Ularning qat’iyati va puxta tayyorgarligi natijasida O‘zbekiston delegatsiyasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan munosib o‘rin oldi.
Kumush medallar Shavkat Saytqulov (-73 kg), Muhammadali Tangriyev (-100 kg), Xalimajon Qurbonova (-48 kg), Sug‘diyona Rafqatova (-52 kg) va Shirinjon Yo‘ldosheva (-70 kg) hisobiga yozildi. Mohinur Allaberganova (-57 kg) hamda Farangiz Rejepova (-63 kg) esa bronza mukofotlarini qo‘lga kiritib, terma jamoa natijasiga munosib hissa qo‘shdi.
E’tiborlisi, bellashuvlarda Fransiya, Polsha va Yevropaning boshqa qator davlatlaridan jahon hamda qit’a chempionatlari g‘oliblari va sovrindorlari bo‘lgan tajribali dzyudochilar qatnashdi. Shunday kuchli raqobat sharoitida o‘zbekistonlik harbiy sportchilar texnik tayyorgarlik, mustahkam ruhiy barqarorlik va g‘alabaga bo‘lgan intilish namunalarini namoyish etib, Vatanimiz bayrog‘ini xalqaro maydonda munosib himoya qildi.
Mudofaa vazirligi sportchilarimizni mazkur natijalar bilan tabriklab, kelajakdagi faoliyatida ulkan zafarlar tilab qoladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









