“Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
2026-06-13 16:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalistlar hamda mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq farovonligini taʼminlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini izchil roʻyobga chiqarishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.
Taqdimot davomida “Yurt qaygʻusida 365 kun” nashrining mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, ushbu kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil davomida amalga oshirgan ko‘p qirrali faoliyatini o‘zida mujassam etgan noyob hujjatli-tahliliy to‘plam hisoblanadi. Unda davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatiya, iqtisodiy taraqqiyot, ekologik barqarorlik, ijtimoiy himoya, ilm-fan, taʼlim va madaniyat sohalarida amalga oshirilgan ishlar hujjatli manbalar, tahliliy sharhlar hamda fotolavhalar asosida keng yoritilgan.
Nashrning asosiy gʻoyasi mamlakat taraqqiyotining zamirida turgan strategik qarorlar, inson qadri va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan siyosiy yondashuvlar hamda jamiyat hayotidagi real o‘zgarishlarni xolis va tizimli tarzda aks ettirishdan iborat. Kitob sahifalarida 2025-yil davomida amalga oshirilgan islohotlarning maqsadi, natijalari va istiqboldagi vazifalari izchil tahlil qilingan.
Shuningdek, to‘plamda davlat rahbarining hududlarga tashriflari, aholi bilan bevosita muloqotlari, xalqaro sammit va muzokaralardagi ishtiroki, strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari, ekologiya va energetika xavfsizligi, raqamli texnologiyalarni joriy etish, mudofaa salohiyatini mustahkamlash, bunyodkorlik ishlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotga oid faoliyati yaxlit tarixiy jarayon sifatida yoritilgan.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ushbu nashr nafaqat keng kitobxonlar ommasi, balki Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari uchun ham muhim maʼnaviy-maʼrifiy manba ekani qayd etildi. Kitob Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlash hamda harbiy jamoalarda yuksak maʼnaviy muhitni shakllantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir doirasida “Kitob yarmarkasi” ham tashkil etilib, harbiy xizmatchilar va xodimlar uchun yangi nashrlar bilan tanishish, o‘zlarini qiziqtirgan adabiyotlarni xarid qilish hamda mutolaa madaniyatini yuksaltirish uchun keng imkoniyat yaratildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









