Psixologik tayyorgarlik: jangovar shaylikning ajralmas qismi
2026-06-13 14:15:00 / Yangiliklar

Harbiy xizmatchilarning zamonaviy tahdid va sinovlarga tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan mazkur mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarning stressli vaziyatlarda o‘zini boshqarish, hissiy barqarorlikni saqlash, jamoa bilan uyg‘un hamkorlikda faoliyat yuritish hamda murakkab sharoitlarda tezkor va asosli qarorlar qabul qilish qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Treninglar jarayonida harbiy xizmatchilar maxsus ishlab chiqilgan psixologik mashqlar, interaktiv topshiriqlar asosida amaliy sinovlardan o‘tdi.
Shuningdek, jamoaviy vazifalarni bajarish davomida harbiy xizmatchilarning o‘zaro ishonchi, mas’uliyat hissi, liderlik fazilatlari hamda hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ko‘nikmalar shakllantirildi. Bu esa shaxsiy tarkibning xizmat faoliyatidagi samaradorligini oshirish bilan birga, jangovar vazifalarni bajarishda jamoaning yagona maqsad yo‘lida harakat qilishiga zamin yaratadi.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlarda ruhiy tayyorgarlikning harbiy xizmatdagi o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlanib, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy barqarorligi jangovar shaylikning muhim tarkibiy qismi ekani qayd etildi.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi matbuot xizmati









