Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz
2026-06-13 14:10:00 / Yangiliklar

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash hamda davlat mustaqilligining mazmun-mohiyati, xalqimiz uchun yaratgan beqiyos imkoniyatlari va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyatini keng yoritish maqsadida Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi boshqaruv apparatida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli olima, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhamedova ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lgan milliy mustaqillikning tarixiy ahamiyati, istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar milliy mustaqillik xalqimizning asriy orzulari ro‘yobi, mard va matonatli ajdodlarimizning fidokorona kurashi samarasida qo‘lga kiritilgan ulkan ne’mat ekanini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, istiqlol yillarida mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotida yuz bergan tub o‘zgarishlar, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida tashkil etilgan tadbir harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Unda milliy va jahon adabiyotining sara namunalari, tarixiy, ilmiy-ommabop hamda ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar bilan bir qatorda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar ham arzonlashtirilgan narxlarda taqdim etildi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati







