Qashqadaryoda yoshlar muammolarini hal etishga qaratilgan ochiq muloqot tashkil etildi
2026-06-13 14:10:00 / Yangiliklar

Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Qarshi harbiy prokuraturasi, viloyatdagi mahallalarning yoshlar yetakchilari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi vakillari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari, 200 nafardan ortiq og‘ir toifadagi yoshlar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida harbiy qism saf maydonida yig‘ilganlarga uchrashuvning maqsad va vazifalari, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini manzilli hal etish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng mehmonlar uchun harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘l jangi elementlari, qurol bilan bajariladigan ko‘rgazmali chiqishlar hamda harbiy kasbning o‘ziga xos jihatlarini aks ettiruvchi namoyishlar tashkil etildi. Qarshi garnizoni harbiy orkestrining kuy-qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Harbiy qism hududida tashkil etilgan o‘quv nuqtalarida zamonaviy qurol-aslaha va harbiy anjomlar namoyish etilib, yoshlar ularning texnik imkoniyatlari va qo‘llanilish tartibi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbirning asosiy qismi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” shaklida samimiy va ochiq muloqot ruhida davom etdi. Unda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari tomonidan profilaktik va probatsiya hisobida turuvchi yoshlarni mazkur ro‘yxatlardan chiqarish tartibi, buning uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar hamda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Muloqot davomida yoshlar va ularning ota-onalari o‘zlarini qiynayotgan masalalar, kelajak rejalari, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, ishga joylashish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq murojaatlarini bildirdi. Har bir murojaat individual tartibda o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillariga tegishli topshiriqlar berildi.
Xususan, probatsiya va profilaktik hisobdan chiqarish, doimiy ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli kreditlar ajratish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ijtimoiy himoya masalalariga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar tegishli idora va tashkilotlar mas’ullariga biriktirildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









