“Eng ilgʻor boshlangʻich tashkilot yetakchisi” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
2026-06-13 11:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining markaziy va hududiy kengashlari bilan hamkorlikda anʼanaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur tanlov ikki bosqichda oʻtkazildi. Dastlabki bosqichda harbiy okruglar va birlashmalardan 130 nafar boshlangʻich tashkilot yetakchisi ishtirok etgan boʻlsa, yakuniy bosqichda harbiy okruglar hamda qoʻmondonliklardan saralangan 9 nafar eng faol yetakchi oʻzaro bellashdi.
Tanlov davomida ishtirokchilarning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va maʼnaviy savodxonligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatiga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni oʻzlashtirish darajasi test sinovlari orqali baholandi. Shuningdek, yil davomida yosh harbiy xizmatchilar bilan olib borilgan ishlar aks ettirilgan videoroliklar namoyish etildi hamda istiqbolli tashabbus va loyihalar taqdimotlari koʻrib chiqildi.
Mazkur tanlovning asosiy maqsadi harbiy qism va muassasalardagi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, intellektual hamda ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, yosh harbiy xizmatchilarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirish va boshlangʻich tashkilot yetakchilarining kasbiy bilim hamda koʻnikmalarini yanada oshirishdan iborat.
Yakuniy natijalarga koʻra:
3-oʻrin — katta leytenant Rufat Tashanov (MHO);
2-oʻrin —katta leytenant Fazliddin Farmanov (MOK);
1-oʻrin — kapitan Sardorbek Abdullayevga (TOQQQ) nasib etdi.
Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlar Mudofaa vazirligining diplom hamda qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tanlov ishtirokchilarining yoshlar bilan ishlash borasidagi ilgʻor tajribalari eʼtirof etilib, kelgusidagi faoliyatlarida ularga muvaffaqiyatlar tilandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






