Fuqarolar murojaatlari e’tibor markazida
2026-06-13 11:20:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan qabul davomida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabul jarayonida uy-joy ta’minoti, ijtimoiy himoya, tibbiy xizmatdan foydalanish, ish bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar tinglandi. Har bir murojaat mas’ul mutaxassislar tomonidan batafsil o‘rganilib, ayrim masalalarga joyida yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa tegishli mutasaddilarga biriktirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borildi. Bu esa aholini qiynayotgan masalalarni bevosita o‘rganish, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday qabullar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va aholi bilan muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





