Harbiy jamoalarda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan davra suhbati
2026-06-12 13:25:00 / Yangiliklar

Davra suhbatida so‘zga chiqqan mutaxassislar korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning kelib chiqish sabablari hamda oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik normalari, javobgarlik choralari hamda harbiy xizmatchilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiya, ta’magirlik, poraxo‘rlik, tovlamachilik va firibgarlik kabi salbiy illatlar jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘lib, davlat boshqaruvi samaradorligini pasaytiradi, fuqarolarning adolat va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi. Shu bois ushbu illatlarga qarshi murosasiz kurashish, har bir fuqaro va harbiy xizmatchining yuksak huquqiy madaniyatini shakllantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Tadbir davomida axborot xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xizmat faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarning maxfiyligini saqlash, xizmat sirlariga oid axborotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda ehtiyotkorlik va mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan harbiy xizmatchilarga axborot makonida yuzaga kelayotgan zamonaviy tahdidlar, kiberxavfsizlik masalalari hamda noqonuniy axborot tarqatilishining oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bu boradagi hushyorlik va mas’uliyat harbiy intizomning muhim tarkibiy qismi ekani alohida qayd etildi.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan davra suhbati davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlash va axborot xavfsizligini mustahkamlash har bir harbiy xizmatchining xizmat va fuqarolik burchi ekani ta’kidlandi.





