Qo‘l jangi bo‘yicha “Qo‘mondon kubogi” musobaqasi o‘tkazildi
2026-06-12 09:20:00 / Yangiliklar

Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda tashkil etilgan musobaqada harbiy qism va muassasalardan kelgan jamoalar ishtirok etib, sportchilar turli vazn toifalarida tatamiga chiqdi.
Bellashuvlar amaldagi qo‘l jangi qoidalari asosida o‘tkazilib, ishtirokchilar texnik va taktik tayyorgarligi, tezkorligi, chidamliligi hamda jangovar mahoratini namoyish etdi.
Murosasiz kechgan bahslarda sportchilar samarali zarbalar, himoyalanish usullari va qarshi hujumlar orqali g‘alaba uchun kurash olib bordi. Keskin va qizg‘in kechgan uchrashuvlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Andijon garnizonidagi harbiy qism jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism jamoasi ikkinchi, Namangan garnizonidagi harbiy qism jamoasi esa uchinchi o‘rindan joy oldi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar kubok, medal hamda diplomlar bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








