Bilim va salohiyat sinovi
2026-06-12 08:15:00 / Yangiliklar

Davlat attestatsiyasi davomida kursantlar axborot texnologiyalari, zamonaviy kriptografik himoya usullari, axborot xavfsizligini taʼminlash, dasturlash va tahliliy fikrlash sohalari boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlarini namoyish etmoqda. Sinovlar jarayonida ularning kasbiy tayyorgarligi, murakkab vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati va amaliy koʻnikmalari har tomonlama baholanmoqda.
Shu bilan birga, gumanitar fanlar boʻyicha bilim darajasi ham alohida eʼtibor markazida. Zero, zamonaviy harbiy xizmatchi nafaqat oʻz mutaxassisligi boʻyicha yetuk bilimga, balki keng dunyoqarash, yuksak maʼnaviyat va yurt taqdiriga daxldorlik hissiga ham ega boʻlishi lozim. Shu bois kursantlarning ijtimoiy-siyosiy bilimlari, muloqot madaniyati va maʼnaviy-axloqiy fazilatlari ham baholanmoqda.
Attestatsiya jarayonida boʻlajak ofitserlarning liderlik xususiyatlari, jamoani boshqarish mahorati, shaxsiy tarkib bilan ishlash koʻnikmalari hamda omma oldida erkin va mazmunli nutq soʻzlash qobiliyatlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlat attestatsiyasi natijalari bitiruvchilarning kelgusidagi xizmat faoliyatida oʻz bilim va salohiyatini amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etishi, mamlakatimiz mudofaa tizimi rivojiga munosib hissa qoʻshishi uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bu esa Yangi Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini zamon talablariga javob beradigan, intellektual salohiyati yuksak harbiy kadrlar bilan taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









