“Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi samarali muloqot maydoniga aylandi
2026-06-12 09:10:00 / Yangiliklar

Unda Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi rahbariyati, ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar vakillari, Chilonzor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida istiqomat qiluvchi probatsiya nazoratidagi yoshlar hamda harbiy qismga biriktirilgan alohida e’tibor talab etiladigan yoshlar ishtirok etdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv davomida yoshlarning ijtimoiy muammolari, bandligini ta’minlash, kasb-hunar egallashga ko‘maklashish hamda murojaatlari asosida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Harbiy qism mas’ullari tomonidan yoshlar bilan olib borilayotgan manzilli ishlarga oid hisobotlar tinglanib, mavjud muammolar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Tadbirda mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida uchrayotgan huquqbuzarliklar, turli zararli illatlar va salbiy holatlarning oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning eng muhim jihati yoshlar bilan bevosita muloqot o‘rnatilgani bo‘ldi. Tadbir davomida o‘g‘il-qizlarning qiziqishlari, orzu-intilishlari, kelajak rejalari va takliflari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yakunda yoshlarning qiziqish va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularni ta’lim muassasalari, kasb-hunar kurslari hamda sport to‘garaklariga keng jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va kelgusida ular bilan individual ishlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati






