Samolarda Vatanni quchgan desantchilar
2026-06-12 09:05:00 / Yangiliklar

Parashyutdan sakrash mashqlari yuqori darajadagi aniqlik, mas’uliyat, jismoniy va ruhiy tayyorgarlikni talab etadi. Shu bois har bir sakrashdan oldin harbiy xizmatchilar bilan xavfsizlik qoidalari, yerga qo‘nish usullari hamda favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha amaliy mashqlar o‘tkazildi. Parashyutlar va jihozlarning texnik holati sinchkovlik bilan tekshirilib, har bir detal e’tibordan chetda qoldirilmadi.
Mashg‘ulotlar davomida desantchilar “D-6”, “Berkut-2” va “Malva” turidagi parashyutlardan foydalanib, belgilangan hududlarga qo‘shimcha yuklar bilan sakrash vazifalarini bajardilar. Havo desant, razvedka va maxsus operatsiyalar kuchlari bo‘linmalari harbiy xizmatchilari harbiy vertolyot bortidan 1200 va 2200 metr balandliklardan sakrashlarni amalga oshirdi.
Shuningdek, o‘quv yig‘inlari davomida turli xil parashyutlarni yig‘ish va ulardan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi. Zamonaviy o‘quv-uslubiy dasturlar va yaratilgan sharoitlar harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish, jangovar tayyorgarlik hamda shaylik darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mashg‘ulotlarda katta tajribaga ega desantchilar bilan bir qatorda ilk bor havo kengliklarini zabt etayotgan harbiy xizmatchilar va kursantlar ham ishtirok etdi. Ular uchun eng muhim talab texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘ldi.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash, murakkab vaziyatlarda tezkor va aniq qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









