Qurolli Kuchlarda milliy, ma’naviy va jangovar ruhni yuksaltirish masalalari ilmiy-amaliy jihatdan muhokama qilindi
2026-06-11 20:20:00 / Yangiliklar

Konferensiyada Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda Ichki ishlar akademiyasining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan harbiy islohotlar jarayonida shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini kuchaytirish, milliy qadriyatlar va ajdodlar merosiga tayangan holda harbiy xizmatchilarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ularda yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi murakkab geosiyosiy va axborot makonidagi tahdidlar sharoitida harbiy xizmatchilarning barqaror axloqiy-ruhiy holatini ta’minlash, ularni turli buzg‘unchi g‘oyalar, yot mafkuraviy ta’sirlar va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy jihatdan immunitetli etib tarbiyalash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, harbiy ta’lim muassasalari va qo‘shinlarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan qator ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan “Yuksak jangovar ruh — askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir!” degan ezgu g‘oya asosida harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, shaxsiy tarkibning ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy-ruhiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish, zamonaviy innovatsion pedagogik yondashuvlarni keng joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan fikr va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ma’ruzalar davomida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi va ruhiy barqarorligini ta’minlashda milliy qadriyatlar, tarixiy xotira, harbiy an’analar hamda zamonaviy liderlik tamoyillarining o‘rni xususida fikr almashildi. Mutaxassislar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar va amaliy faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Anjuman yakunida ilmiy-amaliy konferensiya ishida faol qatnashib, dolzarb mavzular yuzasidan mazmunli ma’ruzalar bilan ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va kursantlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









