Zamonaviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy tayyorgarlik mustahkamlanmoqda
2026-06-11 15:35:00 / Yangiliklar

Dastlab yig‘in ishtirokchilariga mashg‘ulotlarning maqsad va vazifalari, zamonaviy harbiy-siyosiy vaziyatning o‘ziga xos jihatlari hamda bugungi jang maydonida tarbiyaviy organ ofitserlari zimmasiga yuklatilayotgan mas’uliyatli vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida batalyon shaxsiy tarkibi jangovar vazifalarni bajarishga jalb etilishidan avval tibbiy va psixologik ko‘rikdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilarning oilaviy, ijtimoiy va ruhiy holatini o‘rganish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislarning amaliy faoliyati yig‘in qatnashchilariga ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
Maxsus-taktik o‘quvning faol bosqichi batalyon shaxsiy tarkibini jangovar shaylikning yuqori darajasiga keltirish tadbirlari bilan davom ettirildi. Nuriston dala-o‘quv maydonida yaratilgan zamonaviy o‘quv infratuzilmasi mashg‘ulotlarni real jangovar sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirish imkonini berdi. O‘quv jarayonlarida 6 ta o‘quv joyi hamda 29 ta maxsus nuqtada zamonaviy urushlar tajribasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan turli vaziyatlar amaliy tarzda ko‘rsatildi.
Mashg‘ulotlar davomida uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi, jangovar stress, axborot-psixologik bosim, harbiy xizmatchilarning jarohatlanishi, ekstremal vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash kabi dolzarb masalalar bo‘yicha harakat algoritmlari namoyish etildi. Shuningdek, bo‘linmalarda dastlabki psixologik yordam ko‘rsatish, jamoaviy jipslikni mustahkamlash va jangovar ruhni saqlab qolishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tog‘, o‘rmon-botqoqlik va shahar sharoitlarida jang olib borish jarayonlarida yuzaga keladigan psixologik bosimlarni yengib o‘tish usullari ham mashg‘ulotlarning muhim qismi bo‘ldi. Ishtirokchilar snayper juftligi, tank bo‘linmalari hamda kichik taktik guruhlar faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan murakkab vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha amaliy tajribalar bilan yaqindan tanishdi.
Alohida e’tiborga molik jihatlardan biri sifatida tashkil etilgan reabilitatsiya punktlarining faoliyati namoyish etildi. Zamonaviy jangovar harakatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etilgan ushbu maskanlarda harbiy xizmatchilarning funksional qobiliyatlarini tiklash, ularni qisqa muddatlarda safga qaytarish hamda jangovar salohiyatini saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, noqulay va shahar sharoitlaridagi janglarda harbiy xizmatchilarga kuchli psixologik bosimni yuzaga keltiruvchi omillar – dronlar, artilleriya va tank zarbalari tovushlari, ko‘rishni cheklovchi vositalar qo‘llanilgan holda murakkab vaziyatlar yaratildi.
Yakuniy tahlillarda maxsus-taktik o‘quv zamonaviy tahdid va chaqiriqlar sharoitida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar tizimini takomillashtirish, ofitserlarning kasbiy mahoratini oshirish hamda shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida erishilgan natijalar sarhisob qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mashg‘ulotlarni amaloyotda qo‘llash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









