Farg‘onalik yoshlarning shijoati va g‘ayrati sinovdan o‘tdi
2026-06-11 09:30:00 / Yangiliklar

Sharqiy harbiy okrugning Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda tashkil etilgan musobaqada viloyatning shahar va tumanlaridan saralab olingan yoshlar o‘zaro kuch va mahorat bobida sinashdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar turnikda tortilish, o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, qisqa va uzoq masofalarga yugurish hamda boshqa harbiy-sport yo‘nalishlarida o‘z imkoniyatlarini namoyon etdilar.
Musobaqa jarayonida yoshlarning jismoniy chiniqqanligi, chaqqonligi, matonati va jamoaviy hamjihatligi sinovdan o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan bahslarda har bir jamoa g‘oliblik uchun munosib kurash olib bordi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar va mehmonlar uchun madaniy dastur ham tashkil etildi. Xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar musobaqa ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tadbirning bayramona ruhini yanada yuksaltirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Rishton tumani jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi. Qo‘shtepa tumani jamoasi 2-o‘ringa, So‘x tumani jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shuningdek, musobaqa davomida yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha maxsus nominatsiyalar asosida taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








