Tarix saboqlari — vatanparvarlik va jasorat maktabi
2026-06-10 15:00:00 / Yangiliklar

Xususan, yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, ularda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi, “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi hamda “O‘zbekiston tarixi” davlat muzeylariga ekskursiyalar uyushtirilmoqda.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Mahallalar uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kasbiy ta’lim agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida Toshkent shahrining Sergeli, Yakkasaroy, Chilonzor. Yashnobod tumanlaridagi hamda Toshkent viloyatining Angren shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan iborat 700 nafarga yaqin yoshlar uchun “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyiga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Tadbir yoshlar uchun tarix bilan yuzma-yuz uchrashuv, xalqimizning shonli o‘tmishi va mardlik an’analarini chuqurroq anglash imkonini yaratdi.
Sayohat avvalida mutasaddilar so‘zga chiqib, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining tarixiy-ma’naviy ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdilar. Ta’kidlanganidek, ushbu maskan shunchaki eksponatlar jamlangan muzey emas, balki Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz boshidan kechirgan sinovlar, front va front ortidagi fidokorona mehnat, minglab yurtdoshlarimizning jasorati va matonatini o‘zida mujassam etgan muqaddas xotira maskanidir.
Ekskursiya davomida ishtirokchilar tajribali gid hamrohligida yodgorlik majmuasining turli ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchilar urush yillarida O‘zbekiston xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi, jang maydonlarida ko‘rsatilgan qahramonliklar, front ortidagi fidokorona mehnat hamda Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan yurtdoshlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, tarixiy hujjatlar, noyob eksponatlar, urush davriga oid ashyolar va interaktiv ko‘rgazmalar yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ular orqali o‘quvchilar xalqimizning mardlik, sabr-toqat, qat’iyat va fidoyilik fazilatlari naqadar buyuk qadriyat ekanligini yanada teran his etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






