Sirdaryo va Chirchiqda “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘inining ikkinchi mavsumi boshlandi
2026-06-10 11:30:00 / Yangiliklar

Tantanali ochilish marosimida Toshkent harbiy okrugi mas’ul ofitserlari, Harbiy prokuratura, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, IIBB ning voyaga yetmaganlar bilan ishlash boshqarmasi xodimlari hamda harbiy qism rahbariyati ishtirok etib, mazkur yig‘inning maqsad va vazifalari, unda yaratiladigan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tishdi.
Shundan so‘ng, ishtirokchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi va guruhlarga ajratildi.
Yig‘in doirasida yoshlar uchun harbiy-amaliy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, saf tayyorgarligi, jismoniy chiniqish mashqlari, ilk tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy darslar hamda turli sport musobaqalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, vatanparvarlik ruhini oshirishga qaratilgan suhbatlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida tajriba almashish mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi.
Shuningdek, yoshlarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Har bir ishtirokchi uchun belgilangan dastur asosida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bosqichma-bosqich olib boriladi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









