Xalqaro arxivlar kuni munosabati bilan arxiv sohasi fidoyilari rag‘batlantirildi
2026-06-09 19:30:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, 2009-yilda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarori bilan “O‘zarxiv” agentligi Xalqaro arxivlar kengashi tarkibiga a’zo etib qabul qilingan. Shu munosabat bilan 2010-yildan buyon mamlakatimizda 9-iyun sanasi “Xalqaro arxivlar kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
Arxivlar xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, davlat boshqaruvi va mudofaa tizimi faoliyatiga oid muhim hujjatlarni saqlash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishda alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, harbiy tarixga oid hujjatlarni asrab-avaylash, tizimlashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida raqamlashtirish ishlari bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Bayram munosabati bilan Milliy arxiv fondini saqlash va boyitishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, xizmat vazifalarini vijdonan va sidqidildan bajarib, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlash borasida alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari taqdirlandi.
Tadbir davomida soha vakillarining fidokorona mehnati e’tirof etilib, ularning Vatanimiz tarixiy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi xizmatlari yuksak baholandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





