“Ochiq eshiklar kuni” yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamladi
2026-06-09 18:20:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida o‘quvchilar harbiy qism hududida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, xizmatni tashkil etish tartibi hamda jangovar va ma’naviy tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Ularga harbiy qismning asosiy vazifalari, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi o‘rni, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli kasb ekani haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlar harbiylar uchun yaratilgan maishiy sharoitlar, xizmat va dam olish maskanlari, sport inshootlari hamda boshqa infratuzilma obyektlarini ko‘zdan kechirdi. Harbiy qism mutasaddilari tomonidan o‘quvchilarga Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va yoshlarning harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olishi bo‘yicha mavjud istiqbollar haqida ham tushunchalar berildi.
Tadbirning eng qiziqarli qismi o‘quvchilarning harbiy xizmatchilar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqoti bo‘ldi. Ular harbiy xizmatning o‘ziga xos jihatlari, harbiy kasbning afzalliklari, xizmat davomida orttiriladigan bilim va ko‘nikmalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Tadbir davomida Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilish, milliy qadriyatlarga hurmat va sadoqat ruhida tarbiya topish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashda vatanparvar, bilimli va jismonan barkamol yoshlarning o‘rni beqiyosdir.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati








