Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida yakuniy davlat attestatsiyasi davom etmoqda
2026-06-09 11:40:00 / Yangiliklar

Yakuniy sinovlar davomida kursantlar ta’lim jarayonida egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini namoyon etmoqda. Xususan, davlat va jamiyat qurilishi, jamoat tartibi va xavfsizligi, tarbiyaviy hamda mafkuraviy ishlar uslubiyoti, axloqiy-ruhiy tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha ularning nazariy bilimlari va amaliy tayyorgarligi baholanmoqda.
Shuningdek, bo‘lajak ofitserlarning liderlik fazilatlari, boshqaruv ko‘nikmalari, shaxsiy tarkib bilan ishlash mahorati hamda jamoa oldida erkin va mazmunli nutq so‘zlash qobiliyatlari ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Mazkur sinovlar kelgusida komandirlik va boshliqlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilardan keng dunyoqarash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar, yuksak ma’naviyat hamda vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, institut bitiruvchilari nafaqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yetuk kadrlar, balki Vatanga sadoqatli, mas’uliyatli va tashabbuskor ofitserlar sifatida shakllanmoqda.
Yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari bitiruvchilarning kelgusidagi xizmat faoliyatida o‘z bilim va salohiyatini amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etishiga mustahkam zamin yaratadi.






