“Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining Samarqand viloyati bosqichi o‘tkazildi
2026-06-09 10:15:00 / Yangiliklar

Serjantlar tayyorlash oliy maktabida O‘zbekiston Respublikasi Mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Sport vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur musobaqada Samarqand viloyatining 16 ta tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan yoshlar jamoalari ishtirok etdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy salohiyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan mas’ullar yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat tuyg‘ularini shakllantirishda bunday musobaqalarning ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladilar.
Har biri 10 nafar ishtirokchidan iborat bo‘lgan jamoalar turnikda tortilish, press mashqlari, 100, 200 va 800 metrga yugurish, o‘quv granatasini uloqtirish, AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish hamda merganlik kabi harbiy-amaliy va sport yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar davomida ishtirokchilar nafaqat jismoniy tayyorgarlik va chaqqonlik, balki jamoaviy hamjihatlik, o‘zaro ko‘mak va birdamlik fazilatlarini ham namoyon etdilar.
Bellashuvlar hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan nizom talablari asosida shaffof va xolisona baholanib, yakuniy natijalar to‘plangan umumiy ballar asosida aniqlandi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra:
Ishtixon tumani jamoasi — 1-o‘rin,
Narpay tumani jamoasi — 2-o‘rin,
Payariq tumani jamoasi — 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasi yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularni Vatan himoyasiga munosib avlod etib tarbiyalash yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








