“Jasorat maktabi” — vatanparvar yoshlarni tarbiyalashning zamonaviy maskani
2026-06-08 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, Mudofaa vazirligiga biriktirilgan Zangiota tumanidagi 13-sonli “Jasorat maktabi” yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni chaqiruvga qadar puxta tayyorlash hamda kelajakda Vatan himoyachilari safini munosib kadrlar bilan to‘ldirishga xizmat qiluvchi zamonaviy ta’lim maskaniga aylantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qarori asosida maktabning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanib, o‘quv jarayonini zamon talablari darajasida tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Ta’lim muassasasida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik mashg‘ulotlarini samarali olib borishga xizmat qiladigan zamonaviy o‘quv xonalari, sport inshootlari va harbiy-amaliy tayyorgarlik maydonlari barpo etildi.
Ayniqsa, o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, yugurish yo‘lakchalari, workout maydonchalari, sport anjomlari hamda ochiq havoda pnevmatik quroldan o‘q otish tiri tashkil etildi. Ushbu infratuzilma yoshlarning jismoniy chiniqishi, iroda va matonatini mustahkamlashi, harbiy-amaliy ko‘nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Joriy yilning may oyida 13-sonli “Jasorat maktabi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent viloyati va Zangiota tumani hokimliklari mas’ul xodimlari, jamoatchilik vakillari, Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar va mehmonlar uchun ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy dasturlar namoyish etildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar tashkil qilinib, zamonaviy Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishning sharafli va mas’uliyatli jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tajribali harbiylar, ustozlar va mutaxassislar ishtirokida “ustoz-shogird” tamoyili asosida mahorat darslari o‘tkazilib, yoshlarning harbiy kasbga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiluvchi amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









