“Shunqorlar” maydonida mardlik va matonat sinovi
2026-06-08 10:25:00 / Yangiliklar

Unda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Mudofaa vazirligi vakillari, faxriylar va ishtirokchi yoshlar ishtirok etdi
“Chirchiq” dala o‘quv maydonida o‘tkazilgan musobaqaning final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda barcha viloyatlardan kelgan, 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar yigit-qizlardan iborat 14 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar harbiy bilim, jismoniy tayyorgarlik va sport mahoratini namoyon etishga qaratilgan uchta asosiy blok bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
“Harbiy-vatanparvarlik bloki” doirasida yoshlarning O‘zbekiston tarixi, milliy davlatchilik an’analari va harbiy merosga oid bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, “Saf qo‘shig‘i” hamda “Biz – bir jamoamiz!” ko‘rik-tanlovlari orqali jamoalarning hamjihatligi, intizomi va ijodiy salohiyati baholandi.
“Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki” esa musobaqaning eng murosasiz va qiziqarli bosqichlaridan biri bo‘ldi. Unda ishtirokchilar pnevmatik quroldan nishonga aniq o‘q uzish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish hamda harbiylashtirilgan estafeta shartlarini bajarishda o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Ayniqsa, “AK-74” avtomatini qismlarga ajratish va qayta yig‘ish, gazga qarshi niqobni kiygan holda belgilangan masofani bosib o‘tish kabi sinovlar yoshlarning chaqqonligi, tezkorligi va amaliy tayyorgarligini namoyon etdi.
“Sport bloki” doirasida esa duatlon, 100 metrga yugurish va turnikda tortilish bo‘yicha bahslar tashkil etildi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, matonati, jismoniy tayyorgarligi va yuksak sport madaniyati yaqqol ko‘zga tashlandi.
Uch kun davom etgan musobaqalar do‘stona ruhda, shu bilan birga keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Har bir jamoa g‘oliblik uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etib, o‘z hududining sharafini munosib himoya qilishga intildi.
Musobaqa yakunida quyidagi jamoalar sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi:
Toshkent viloyati jamoasi — 1-oʻrin;
Navoiy viloyati jamoasi — 2-oʻrin;
Andijon viloyati jamoasi — 3-oʻrin.
Eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoa O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar ham munosib taqdirlandi.
G‘olib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan diplomlar, qimmatbaho sovg‘alar va esdalik sovrinlari bilan taqdirlandi. E’tiborlisi, musobaqa natijalari asosida joriy yilda yana 6 nafar yigit-qiz sport razryadlariga ega bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati









