“Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi gʻoliblari aniqlandi
2026-06-06 17:50:00 / Yangiliklar

Musobaqaning saralash bosqichlarida respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 208 ta “Jasorat maktabi” o‘quvchilaridan eng yuqori natijalarni qayd etgan 14 ta jamoa respublika final bosqichida o’zaro bellashishdi.
Final bahslari davomida ishtirokchilar harbiy-amaliy tayyorgarlik, sport va intellektual yo‘nalishlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Shuningdek, musobaqa doirasida ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbirlar tashkil etilib, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash va hududlararo do‘stona aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdirlash marosimida Mudofaa, Maktabgacha va maktab taʼlim, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya qo‘mondligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkor davlat idoralari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Umumiy natijalarga koʻra, musobaqa gʻoliblari quyidagicha:
🥇 1-oʻrin — Xorazm viloyatining “Jaloliddin Manguberdi” jamoasiga;
🥈 2-oʻrin — Qashqadaryo viloyatining “Buyuk Temur avlodlari” jamoasiga;
🥉 3-oʻrin — Toshkent shahrining “Barloslar” jamoasiga nasib qildi.
Shuningdek, musobaqa davomida turli yoʻnalishlarda eng yaxshi natijalarni qayd etgan jamoalar maxsus nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi:
➖ “Eng mahoratli jamoa” — Buxoro viloyati, “Lochinlar” jamoasi;
➖ “Eng kuchli jangovar ruhli jamoa” — Fargʻona viloyati, “Al-Fargʻoniy” jamoasi;
➖ “Eng bilimdon jamoa” — Toshkent viloyati, “Burgut” jamoasi;
➖ “Eng yaxshi tibbiy yordam koʻrsatgan jamoa” — Sirdaryo viloyati, “Temuriy avlodlari” jamoasi;
➖ “Eng topqir jamoa” — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, “Lochinlar” jamoasi;
➖ “Eng zukko jamoa” — Surxondaryo viloyati, “Janub yoʻlbarslari” jamoasi;
➖ “Eng ijodkor jamoa” — Jizzax viloyati, “Matonat” jamoasi;
➖ “Eng chaqqon jamoa” — Andijon viloyati, “Lochinlar” jamoasi;
➖ “Eng intizomli jamoa” — Namangan viloyati, “Temuriylar” jamoasi;
➖ “Eng ahil jamoa” — Samarqand viloyati, “Turon” jamoasi;
➖ “Eng yaxshi saf qoʻshigʻi ijrosi” — Navoiy viloyati, “Temuriylar” jamoasi.
Musobaqa gʻoliblari va sovrindorlari, shuningdek, jamoalarni tayyorlagan fidoyi ustozlar maxsus diplom hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Harbiy aviatsiya instituti axborot xizmati









