Harbiy qism tashkil topgan kun munosib nishonlandi
2026-06-06 16:10:00 / Yangiliklar

Harbiy xizmatchilarda bir ibora bor: “Koʻkda qalqon, yerda posbon desantchilar”. Haqiqatdan ham shunday. Chunki bu oʻgʻlonlar nafaqat yerdagi berilgan vazifalarni tezkor bajaradi, balki samo uzra ham parvoz etib, topshiriqlarni aʼlo darajada ado etadi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Qurolli kuchlarimiz kuch-qudrati sezilarli darajada ortib, harbiy xizmatchilarining salohiyati ham shunga mos ravishda yanada yuksalib bormoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylandi. Jangovar tayyorgarlikning modernizatsiya qilingan, moslashuvchan tizimining joriy etilishi qoʻshinlar jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini bir necha barobarga oshirilishiga xizmat qilmoqda.
Bunda, albatta, Sharqiy harbiy okrug Farg’ona garnizonidagi harbiy qismning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Harbiy qism yuqori qo‘mondonlik tomonidan berilayotgan o‘quv va jangovar topshiriqlarni sifatli ado etib, shaxsiy tarkibning jangovar shayligi ham shunga mos ravishda doimo yuqori darajada saqlanmoqda.
Harbiy qism tashkil topgan kun munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ham harbiy qism jamoasi erishayotgan yutuqlar yana bir bor eʼtirof etildi. Tantanada bir guruh yurt posbonlariga navbatdagi harbiy unvon, esdalik nishonlari hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






