Mudofaa vazirligida jadidlar merosi va maʼrifatparvarlik gʻoyalariga bagʻishlangan kitoblar taqdimoti oʻtkazildi
2026-06-06 15:10:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida “Tilda, fikrda, ishda birlik!”, “Millat fidoyilari” hamda “Botmasin chiqqan quyosh” kitoblarining taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur asarlarda jadid maʼrifatparvarlarining hayoti va faoliyati, ularning milliy uygʻonish, ilm-fan, taʼlim va taraqqiyot yoʻlidagi fidokorona xizmatlari yoritilgan. Kitoblarda xalqni jaholatdan maʼrifat sari yetaklash, milliy oʻzlikni anglash, Vatanga sadoqat va taraqqiyotga intilish gʻoyalari asosiy oʻrin egallaydi.
Taqdimotda “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Jadid” gazetasi bosh muharriri, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo, Prezident Administratsiyasining masʼul xodimi, siyosiy fanlar doktori, professor Saidxon Saidolimov, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim, “Jadid” gazetasi boʻlim mudiri Shahriyor Shavkat hamda gazeta muharriri Otabek Bakirov ishtirok etib, jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyati, maʼrifatparvar ajdodlarimizning millat ravnaqi yoʻlidagi xizmatlari va bugungi avlod tarbiyasidagi oʻrni haqida soʻz yuritdilar.
Taʼkidlanganidek, “Tilda, fikrda, ishda birlik!” kitobida jadidlarning milliy birlik, maʼrifat va taraqqiyot haqidagi qarashlari jamlangan boʻlsa, “Millat fidoyilari” asari xalq va Vatan istiqboli yoʻlida kurashgan maʼrifatparvarlar hayoti hamda faoliyatiga bagʻishlangan. “Botmasin chiqqan quyosh” kitobida esa jadidlar merosining bugungi kundagi ahamiyati, ularning ezgu gʻoyalari va maʼnaviy qarashlari ilmiy-tahliliy asosda yoritilgan.
Tadbir yakunida Mudofaa vazirligi kutubxonasiga “Jadid” gazetasi kutubxonasi rukni ostida chop etilgan mazkur kitoblardan 60 nusxa begʻaraz taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun kitob yarmarkasi ham tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









