Namanganda “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi
2026-06-06 11:40:00 / Yangiliklar

Davlatobod tumanida joylashgan Milliy gvardiya boshqarmasida tashkil etilgan musobaqada hududlardan saralab olingan yoshlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va harbiy-amaliy ko‘nikmalarini namoyon etdilar.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga, Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida kamol topishga chaqirib, qatnashchilarga omad va muvaffaqiyat tilashdi.
Musobaqa nizomi asosida ishtirokchilar 7 ta shart bo‘yicha bellashdilar. Jumladan, turnikda tortilish, orqa bilan yotgan holda tanani ko‘tarish, o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, uzoq va qisqa masofalarga yugurish, qurolni noto‘liq qismlarga ajratish hamda yig‘ish kabi sinovlarda yoshlar o‘zlarining jismoniy va harbiy-amaliy tayyorgarlik darajalarini namoyish etdilar.
Murosasiz va qizg‘in bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakunlariga ko‘ra, Pop tumani jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin To‘raqo‘rg‘on tumani jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, Uchqo‘rg‘on tumani jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirok etgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari hamda qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








