“G‘alaba vorislari” xalqaro harbiy-sport oʻyinlari qizg‘in pallaga kirdi
2026-06-05 20:10:00 / Yangiliklar

Nufuzli musobaqada O‘zbekiston nomidan “Vatan tayanchi” harakati a’zolaridan shakllantirilgan jamoa ishtirok etmoqda. Musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Abxaziya vakillari kuch, bilim, jasorat hamda jamoaviy hamjihatlik borasida o‘zaro bellashmoqda.
Musobaqa dasturidan harbiy-sport ko‘pkurashi, taktik tayyorgarlik, to‘siqlar yo‘lagini bosib o‘tish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish, intellektual bellashuvlar hamda jamoaviy sinovlar o‘rin olgan. Ushbu yo‘nalishlar ishtirokchilarning nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki tezkor fikrlash, yetakchilik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini ham sinovdan o‘tkazmoqda.
Ayni vaqtga qadar musobaqa ishtirokchilari turnikda tortilish, 100 metrga yugurish hamda sun’iy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish shartlari bo‘yicha bahslarda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
Musobaqaning keyingi bosqichlarida ham jamoamiz a’zolariga ulkan muvaffaqiyatlar, yuksak natijalar va g‘alabalar tilaymiz. O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan yoshlarimizga kuch-g‘ayrat, qat’iyat va omad doimo hamroh bo‘lsin!









