Malaka oshirish kursi bitiruvchilarining tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-06-04 16:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy ta’lim tizimi faxriylari, jamoatchilik vakillari, bitiruvchi tinglovchilar hamda ularning oila a’zolari va yaqinlari ishtirok etdi.
Marosim avvalida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiy xizmatchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, serjantlar korpusining nufuzini mustahkamlash hamda ularning xizmat faoliyatidagi o‘rni va mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar alohida ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan Vatan himoyasi yo‘lida sharaf bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning fidoyiligi, xizmat burchiga sadoqati va yuksak mas’uliyati e’tirof etildi. Shuningdek, malaka oshirish kursi davomida egallangan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar bitiruvchilarning kelgusidagi xizmat faoliyatida muhim o‘rin tutishi, ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yanada samarali va mas’uliyat bilan bajarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir davomida bugungi kunda harbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, serjantlar tarkibini tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, ta’lim jarayonlariga ilg‘or pedagogik texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy vositalarning keng joriy etilishi natijasida har tomonlama yetuk, tashabbuskor va yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega harbiy mutaxassislarni tayyorlash sifati izchil yuksalib bormoqda.
Alohida qayd etilganidek, serjantlar korpusi Qurolli Kuchlarning tayanch bo‘g‘ini hisoblanib, qo‘shinlarda harbiy intizomni mustahkamlash, shaxsiy tarkibning jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirish hamda harbiy jamoalarda sog‘lom muhitni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ularning bilim va malakasini muntazam oshirib borish mudofaa salohiyatini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Marosimning tantanali qismida malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi. O‘quv jarayonida yuqori natijalarga erishgan, namunali xulqi, yuksak intizomi va xizmatga mas’uliyatli munosabati bilan ajralib turgan tinglovchilar Serjantlar tayyorlash oliy maktabi boshlig‘ining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirning badiiy qismida Samarqand garnizoni harbiy orkestri tomonidan Vatanga muhabbat, xalq va yurt tinchligi, harbiy xizmat sharafini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Musiqiy chiqishlar marosim ishtirokchilarida ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otib, tantanaga yanada fayz va ruh bag‘ishladi.









